Xalqaro olimlar guruhi Quyosh tizimidagi eng qadimiy sayyora Yupiter ekanligini aniqladi. Bu haqda “Phys.org” saytida xabar berildi.
Astronomlar temir meteoritlardagi volfram va molibden izotoplari tarkibini o‘rganib chiqdi, bu ularning shakllanish o‘rnini aniqlash imkonini berdi. Aniqlanishicha, har bir o‘rganilgan kosmik obyekt Quyosh tizimi shakllangan tumanlikning ikki zonasidan birida shakllangan. Bu hududlar 2–3 million yil davomida izolyatsiyada bo‘lgan. Bunga ularning orasida yuzaga kelgan tirqish sabab bo‘lgan, negaki Yupiter protosayyoraviy gardishdan moddalarni o‘ziga tortib olavergan.
Hisob-kitoblarga qaraganda, gigant sayyoraning qattiq yadrosi Quyosh tizimi shakllanganidan 1 million yil o‘tib yuzaga kelgan. Bu gaz-chang gardishi ichida moddaning joy almashishiga to‘sqinlik qilgan, bu, o‘z navbatida, Super Yer toifasidagi sayyoralar hosil bo‘lishining oldini olgan. 70 ta Yer massasiga teng massa to‘plash uchun unga 3–4 million yil talab etilgan. Keyinroq yadro Yupiterning gaz qobig‘i sifatida xizmat qilgan moddani tortib olgan.
Astronomlarning hisob-kitoblariga qaraganda, Quyosh tizimi taxminan 4,5 milliard yil muqaddam hosil bo‘lgan. Sayyoralar Quyoshni o‘rab turgan protosayyoraviy gardish aylanishi natijasida shakllangan.
Izoh (0)