Professional boksda bunga qadar 10 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida raqiblarini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgan o‘zbekistonlik Qudratillo Abduqahhorov o‘n birinchi g‘alabasiga ega chiqdi. Bu haqda “Olamsport” nashri xabar berdi.
23 yoshli charm qo‘lqop ustasi zimbabvelik Charlez Manyuichiga qarshi ringga ko‘tarildi. Jang aslida 12 raund davom etishi kerak edi. Biroq o‘z vazn toifasida Afrika chempionligini qo‘lga kiritgan bokschi ilk raunddayoq mag‘lubiyatini tan oldi.
Abduqahhorovning birinchi jiddiy zarbasidan keyinoq hakam hisobni ochishga majbur bo‘ldi. Charlez esa belgilangan vaqtda o‘ziga kela olmadi.
Mazkur jangga Singapur mezbonlik qildi. G‘alaba o‘zbekistonlik bokschiga WBC Silver chempionlik kamarini taqdim etdi.
Professional boksdagi faoliyatini 2015-yilda boshlagan Qudratillo Abduqahhorov o‘tkazgan 11 ta jangining 8 tasida raqiblarini nokautga uchrashtishga erishgan.
Ma’lumot uchun, zimbabvelik Charlez Manyuichi bunga qadar 23 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, shularning 20 tasida zafar quchgan, 1 ta jangni durang bilan yakunlab, 2 tasini boy bergandi.
Izoh (0)