Toshkent shahar Uchtepa tumanida 6-fevral kuni soat 18:30 larda 4—5 nafar noma’lum shaxs qora rangli niqob va qo‘lqop kiygan holda davlat raqami noma’lum bo‘lgan, oq rangli Nexia-1 rusumli avtomashinada kelib, Nexia-2 rusumli avtomashina haydovchisiga nisbatan kuch ishlatgan. Bu haqda O‘zbekiston IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, kuch ishlatilgan shaxs Uchtepa tumanida yashovchi 1974-yilda tug‘ilgan fuqaro bo‘lib, uning qo‘llariga plastmassadan yasalgan kishan taqilib, boshiga qora rangli niqob kiydirgan holda avtomashinada noma’lum tomonga olib ketilgan. So‘ng uning beliga qo‘lbola, yasama moslama taqilgan va undan o‘lim bilan tahdid qilgan holda 20 ming dollar pul talab qilingan.
Mazkur holat yuzasidan 7-fevral kuni Uchtepa tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli bandlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
IIV hamda Toshkent shahar IIBB tezkor xodimlari tomonidan hamkorlikda olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida mazkur jinoyatni sodir etganlikda gumonlangan besh nafar shaxs qo‘lga olindi.
Jinoyatda gumonlanuvchilarning biri muqaddam sudlangan, Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi 1968-yilda tug‘ilgan shaxs ekani aniqlanib, jinoiy sheriklarining ikki nafari Parkent tumanida yashovchi – 1969 va 1978-yilda tug‘ilgan, yana ikki nafari esa poytaxtning Uchtepa tumanida yashovchi 1984 va 1991-yilda tug‘ilgan shaxslar ekanligi aniqlandi.
Olib borilgan, tezkor-surishtiruv ishlari natijasida yuqorida qayd etilgan jinoyatni ular 1991-yilda tug‘ilgan jinoiy sheriklarining Nexia rusumli avtomashinasida sodir etganligi fosh etildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tezkor-tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)