O‘zbekiston delegatsiyasi 20-yanvar, juma kuni boshlangan “Yashil haftalik—2017” xalqaro qishloq xo‘jalik ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun Germaniyaning Berlin shahriga yo‘l oldi. Bu haqda “O‘zagroeksport” AJ matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Yashil haftalik” xalqaro ko‘rgazmasi oziq-ovqat sanoati, bog‘dorchilik, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi yirik tadbirlardan biri hisoblanadi. Bu safargi ko‘rgazmada dunyoning 65 mamlakatidan 1550 dan ortiq kompaniya va fermer xo‘jaliklari ishtirok etishi, 380 mingdan ortiq kishi tashrif buyurishi kutilmoqda.
Mahalliy eksportyor korxona va tashkilotlarning mazkur ko‘rgazmada ishtirok etishidan maqsad meva-sabzavot mahsulotlarini o‘stirish, ishlab chiqish va qayta ishlash bo‘yicha mavjud salohiyatini namoyish etish hamda ushbu sohadagi yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan iborat.
Xalqaro ko‘rgazmadagi O‘zbekiston milliy ekspozitsiyasi “O‘zbekoziqovqatxolding”, “O‘zvinosanoat-xolding” va “O‘zagroeksport” kompaniyalari tomonidan namoyish qilinadi. Stendlarga “Agromir Grupp”, Natural Juice, Marwin Brands, Master Global Plus, Sunny Fruits Production, Berad Agro, Gold Dried Fruits, Intersok kabi korxonalar mahsulotlari — ho‘l va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari, konservalangan mahsulotlar, sok va nektarlar, quritilgan ziravor va sabzavotlar, quruq mevalar hamda shirinliklar qo‘yiladi.
“Yashil haftalik—2017” xalqaro ko‘rgazmasi 29-yanvarga qadar davom etadi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)