Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-maktabni o‘qituvchilar taʼmirlayotgani aks etgan video tarqalgandi. Bugun, 4-avgust kuni Andijon viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi holat yuzasidan ikkinchi bayonotini berdi.

Maʼlum qilinishicha, Marhamat tumani “Yangihayot” MFYdagi 42-maktab 1982-yilda qurilib, 2005-yilda taʼmirlangan. Maktab 2023-yil “Tashabbusli byudjet” loyihasida g‘olib chiqib, 1,1 milliard so‘mlik eshik va romlar bilan taʼminlangan.
2024-yilgi mavsumda yana 1,1 milliard so‘m mablag‘lar yutib olinib, sport maydoni qurilgan, maktabning old qismi zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan.
Hozirda maktabda jami 1 ming 236 nafar o‘quvchilarga 74 nafar o‘qituvchi taʼlim beradi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan videotasvirlardagi holat joriy yil 2-avgust kuni sodir bo‘lib, unda bir guruh pedagoglar tomonidan hashar jarayonlari amalga oshirilayotgani aks etgan. Maktab jamoasi bilan suhbatda ular tomonidan ushbu hashar ixtiyoriy ravishda amalga oshirilgani taʼkidlansa-da, ustozlarni o‘z lavozim majburiyatidan tashqari ishlarni bajarish holatini nazoratga olmaganligi sababli maktab direktori Z.M. egallab turgan lavozimidan ozod etilganligini maʼlum qilamiz”, deyiladi manba xabarida.
Avvalroq boshqarma holat atroflicha o‘rganilishini xabar qilgandi. Shu bilan birga, tarqalgan video yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Andijon viloyati hokimligi ham munosabat bildirgan.
Izoh (0)