Germaniyaning Gissen universiteti professori Peter Shrayner rahbarligidagi xalqaro kimyogarlar jamoasi ilk bor oltita azot atomidan tashkil topgan barqaror geksaazot (N6) molekulasini olishga muvaffaq bo‘ldi. Tadqiqot natijalari esa Nature jurnalida e’lon qilindi.

Ta’kidlanishicha, ushbu modda inson tomonidan yaratilgan eng yuqori energiya sig‘imiga ega modda hisoblanib, ekologik toza raketa yonilg‘isining asosiga aylanishi mumkin.
Tadqiqot davomida Sof geksaazotni minus 196 daraja haroratda yupqa parda ko‘rinishida sintez qilishga erishilgan.
“Bizning maqsadimiz - Ilon Maskning metan dvigatellari singari CO2 emas, balki faqat toza havo chiqaradigan azot bilan ishlaydigan raketa yaratishdir”, deydi professor.
Olimlar xavfsizlik nuqtai nazaridan hozircha portlash sinovlarini o‘tkazmagan bo‘lsa-da, sinov uskunalari mavjud bo‘lgan Drezden mutaxassislari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishgan.
“Yetarli mablag‘ bo‘lsa, 3-5 yil ichida sinovdan o‘tkazish uchun raketa qurish mumkin. Buning uchun ko‘plab muhandislik masalalarini hal qilish zarur”, deydi Shrayner.
N6 ni harbiy maqsadlarda qo‘llash nazariy jihatdan mumkin bo‘lsa-da, tadqiqotchilar hozircha mudofaa institutlaridan so‘rov olmagan. Texnologiyaning asosiy afzalligi - uglerod izi yo‘qligi: modda parchalanganda faqat azot ajralib chiqadi.
Bundan avval xitoylik olimlar Ilon Maskning kosmosdagi Starlink sun’iy yo‘ldoshlariga qarshi kurashish uchun bir nechta variantlarni o‘rganayotgani xabar qilingandi.
Izoh (0)