Hindiston Rossiya neftini qayta sotishdan foyda olayotgani sababli AQSH tomonidan tariflar oshirilishiga duch keladi. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

“Hindiston nafaqat katta miqdorda Rossiya neftini sotib olmoqda, balki ushbu xaridlarning salmoqli qismini ochiq bozorda qayta sotib, katta foyda ko‘rmoqda”, -deb yozdi Tramp.
Uning fikricha, Hindistonni Ukrainada halok bo‘lganlar soni qiziqtirmayapti.
Shu sababli u tarifni “sezilarli darajada” oshirishga va’da bergan, ammo qanchaga oshirilishini aniqlashtirmagan. So‘nggi haftalarda u Nyu-Dehliga Rossiya nefti tufayli sanksiyalar bilan bir necha bor tahdid qilgan edi. Iyul oyi oxirida Amerika prezidenti Hindistonga nisbatan 25 foizlik boj joriy etilishini, shuningdek, uni Rossiyadan neft va harbiy texnika sotib olgani uchun “jarima” kutayotganini ma’lum qilgandi. AQSH bu tarifni 7-avgustdan joriy etmoqchi.
Oq uy apparati rahbari o‘rinbosari Stiven Miller avvalroq Trampning Hindiston Ukrainadagi mojaroni “Rossiyadan neft sotib olish orqali moliyalashtirishni davom ettirayotganini” nomaqbul deb hisoblashini ta’kidlagan.
Mutaxassislarning ta`kidlashicha, Hindistonga 100 yoki 500 foizlik boj solish xavfi mavjud. Bunday miqdorlar AQShda Rossiyadan uglevodorodlar sotib oluvchi mamlakatlar uchun muhokama qilingan. Tramp Moskva va Kiyev o‘rtasidagi yarashuv muddatini 8 avgustga belgiladi, shundan so‘ng bojlar joriy etiladi.
Bundan avval Hindiston AQSH va Yevropa ittifoqi bosimi ostida Rossiya neft importini to‘xtatadigan bo‘lsa, mamlakat yiliga 9–11 milliard dollar atrofida iqtisodiy zarar ko‘rishi mumkinligi ma`lum qilingandi.
Izoh (0)