Surxondaryo viloyati Termiz shahrida qimor o‘yinlariga mukkasidan ketgan shaxs o‘zi qarzdor bo‘lgan ayolni pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda “Hudud” informatsion dasturida xabar qilindi.
Qayd etilishicha, surxondaryolik 29 yoshli fuqaro qimor o‘yinlariga ruju qo‘yishi oqibatida o‘z tanishlaridan maʼlum miqdorda qarzdor bo‘lib qoladi va bu qarzlarni so‘ndirish uchun sudxo‘rlik bilan shug‘ullanib kelgan ayol bilan tanishadi.
Ushbu shaxs ayoldan 2021-2024-yillarning turli vaqtlarida, jami 20 million so‘mga yaqin pullarni oyiga 10 foizlik ustama bilan qarzga olgan. Ammo u qarzlarni o‘z vaqtida qaytara olmagan, foizlar esa o‘sib borgan.
Shundan so‘ng ayol fuqaroga uning ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishini aytadi. Erkak esa olgan qarzlaridan qutulish uchun ayolni o‘ldirishni maqsad qiladi.
Joriy yilning 1-mart kunidan 2-mart kuniga o‘tar kechasi soat 03:30 lar atrofida qarzdor fuqaro ayolga qo‘ng‘iroq qilib, qarzlarini olib kelganini aytadi. Fuqaro qarz beruvchi bilan ko‘rishgach, uni tanishining Lacetti rusumli avtomashinasiga majburlab o‘tqizib, ovloq joyga olib borgan. Ayoldan ozining plastik kartasiga 24 million so‘m miqdorida pullarni o‘tkazib olib, so‘ngra uni pichoqlab o‘ldirgan.
Ushbu jinoyat ishi Termiz tuman sudida ko‘rib chiqilib, ayblanuvchiga 18,5 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Izoh (0)