Koreya Respublikasi Yaponiyaning Seuldagi elchini chaqirib olish qarorini o‘ta achinarli deb hisoblaydi. Bu haqda Janubiy Koreya tashqi siyosiy idorasi bayonotiga tayanib, “TASS” xabar berdi. Ushbu qaror Pusandagi Yaponiya bosh konsulxonasi qarshisiga XX asrning birinchi yarmida mamlakatning Yaponiya tomonidan istilo qilinishi chog‘ida jinsiy zo‘ravonlik qurbonlari bo‘lgan ayollar sharafiga o‘rnatilgan yodgorlikka javob chorasi sifatida qabul qilingan edi.
“Yaponiya hukumati ko‘rgan choralar o‘ta achinarli. Shu bilan birga, murakkab muammolar borligiga qaramay, biz o‘zaro ishonchga asoslangan ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishning muhimligini ta’kidlamoqchimiz”, — deyiladi TIV bayonotida.
Avvalroq Yaponiya Janubiy Koreyadagi elchisi Yasumasu Nagamineni hamda Pusandagi bosh konsul Yasuxiro Morimotoni chaqirib olish haqida qaror qabul qilgan edi.
2015-yil dekabrida Yaponiya va Koreya Respublikasi Ikkinchi jahon urushi davridagi jinsiy qullik muammolari borasida kelishuvga erishgan edi, 2016-yil avgustida ushbu kelishuv doirasida Tokio 1 milliard iyena mablag‘ ajratdi.
Izoh (0)