Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ma’lum qilishicha, tergov Rossiya elchisi Andrey Karlovning o‘ldirilishi islom targ‘ibotchisi Fatxulla Gyulenning tashkiloti — FETO bilan bog‘liq ekanligini aniqlagan. Bu haqda u Anqaradagi matbuot anjumanida aytib o‘tdi, deb yozadi “TASS”.
“Bu odam (Mavlud Mard Oltintosh) FETO a’zosi bo‘lgan, buni yashirib o‘tirishning hojati yo‘q. U tug‘ilib-o‘sgan joy va uning hozirgi holati shuni ko‘rsatmoqda. Shuni ochiq aytish kerakki, bizning politsiya tuzilmalarimiz ichida, xuddi armiyadagi kabi ushbu iflos tashkilotning a’zolari haliyam bor”, — dedi u. Erdo‘g‘on “davlat tuzilmalarini FETOdan tozalash” davom etishini qo‘shib qo‘ydi.
Anqara Gyulenni Turkiyada 15-iyulda yuz bergan davlat to‘ntarishiga urinishga bevosita aloqadorlikda ayblamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Anqaradagi Zamonaviy san’atlar markazida rasm ko‘rgazmasi ochilish marosimida Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlovga suiqasd uyushtirildi.
Izoh (0)