O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatish uchun mamlakatga kelgan Kuvayt axborot vazirligi davlat kotibining yordamchisi Xeyla Xamad al-Mekeimi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda palata matbuot xizmati ma’lum qildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev mehmonga mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va saylov qonunchiligiga saylov jarayonini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish bo‘yicha kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, partiyalar faolligi hamda OAVni erkinlashtirish borasidagi yangiliklar haqida so‘zlab berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasidagi hamkorlik yanada rivojlanib, o‘zaro manfaatli aloqalar mustahkamlanishi har ikkala davlat uchun muhimligi qayd etildi.
— Prezident saylovi mamlakatingiz istiqboli, iqtisodiy-ma’naviy taraqqiyotining bardavomligini belgilab berishda muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi Xeyla Xamad al-Mekeimi xonim. — Saylov jarayonida jahonning 46 mamlakati va qator xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar qatnashayotgani O‘zbekistonga bo‘lgan ulkan qiziqish va e’tiborning amaliy ifodasidir. Biz siyosiy jarayondagi barcha bahs-munozara, muloqot va axborotlarni tezkorlik bilan aholiga yetkazishga xizmat qilayotgan press-klubda bo‘lib, nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan yaqindan tanishdik. U yerda partiyalar a’zolari o‘rtasida o‘zaro hurmat bilan o‘tkazilayotgan bahs-munozaralarning guvohi bo‘ldik.
Saylovoldi kampaniyasining yuqori darajada tashkil etilgani odamlarga munosib nomzodni tanlashga yordam berishi bilan birga, Prezident saylovi jarayonining erkin, ochiq va oshkora o‘tayotganidan darak beradi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)