Indoneziya politsiyasi 4-noyabrda bo‘lib o‘tgan ommaviy aksilhukumat namoyishi chog‘ida qo‘lga olinganlar orasida kamida to‘qqiz kishi IShIDga aloqador ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Mamlakat huquq-tartibot idoralari rasmiy vakili Boy Rafli Amarga ko‘ra, hibsga olinganlarning shaxsi aniqlangan. Ular orasida, jumladan, indoneziyaliklarni Suriyada terrorchilar tarafida jang qilish uchun faol yollagan Saulixun, shuningdek, Yaqin Sharq davlatlaridan qaytgan mahalliy fuqarolarni joylashtirish uchun javob bergan Reno Suxarsono bo‘lgan. Qolganlar esa terrorchilarga qo‘shilishni mo‘ljallagan yangi ko‘ngillilarni shug‘ullantirish bilan mashg‘ul bo‘lgan.
Jakarta gubernatori Basuka Chaxay Purnamaga qarshi ommaviy norozilik namoyishi kamida 100 ming kishini to‘pladi. Avvaliga tinch ko‘rinishda bo‘lgan namoyish keyinchalik politsiya bilan to‘qnashuvga aylanib ketdi. Rasmiy manbalarga ko‘ra, 350 kishi jarohat oldi.
Mazkur miting arafasida politsiya rahbari Tito Karnavian aksiyada IShID tarafdorlari ishtirok etishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)