BMT Bosh assambleyasi 71-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida xalqaro tashkilotning barcha 6 rasmiy tili — ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz tillarida O‘zbekistonda partiyalararo raqobat hamda fikrlar xilma-xilligi haqidagi tahliliy ma’lumot tarqatildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Hujjatda O‘zbekistonda bosqichma-bosqich huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati shakllantirilayotgani ta’kidlangan. Bunda zamonaviy demokratiyaning asosi bo‘lgan ochiq va erkin saylovlar tashkillanishi hamda muntazam o‘tkazilishi uchun zarur sharoitlar yaratilgani ulkan ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Milliy saylov qonunchiligining rivojlanishi izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, 1999-yilda siyosiy partiyalar, hokimiyat vakillik organlari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, 2004-yilda siyosiy partiyalar va tashabbuskor guruhlar deputatlikka nomzod ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2009 va 2014-yillarda bunday huquq faqat siyosiy partiyalarga berildi. Mazkur o‘zgarishlar partiyalar faoliyat doirasi kengaygani, ularning jamiyatdagi nufuzi, qolaversa, xalq va mamlakat oldidagi mas’uliyati ham ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Qabul qilingan qonunlar tufayli siyosiy partiyalarning parlament, xalq deputatlari kengashlaridagi vakillari orqali hokimiyat organlari faoliyatini nazorat qilish, mintaqalar va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi borasidagi muhim vazifalarni hal qilishda faol ishtirok etishiga imkon beradi.
Bularning barchasi fuqarolar ijtimoiy-siyosiy faolligi oshishi, siyosiy kuchlar saylovoldi platformalari va dasturlari asosida saylovlarda qatnashishi, saylovchilar ovozi uchun haqiqiy kurashning kuchayishi, umuman, saylov kampaniyasi to‘laqonli kechishiga xizmat qilmoqda.
“Saylov kampaniyasi davomida milliy qonunchilikka og‘ishmay rioya etilishi, siyosiy partiyalar va barcha fuqarolar faol hayotiy hamda siyosiy pozitsiyalarini namoyish etishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi demokratik tamoyillarga to‘liq tayangan holda, muvaffaqiyatli o‘tkazilishiga imkon beradi”, — deyiladi hujjatda.
Izoh (0)