O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov 23-noyabr kuni Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan uchrashuvni xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi guruhi rahbari B.Mamajonov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili S.Nazarqosimov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Prezidentlikka nomzod o‘z saylovoldi dasturida “Barkamol avlod – millat tayanchi” shiori ostida yosh avlodni har tomonlama yetuk insonlar etib tarbiyalash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish vazifasi belgilanganini ta’kidladi. Jizzax davlat pedagogika, politexnika institutlari hamda Jizzax aviatsiya oliy harbiy bilim yurti yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Dasturda zamonaviy bilim va malakaga ega muhandis-texnik, moliya-iqtisod, korporativ boshqaruv menejmentlari, axborot texnologiyalari sohasida dasturchilarni tayyorlashni tubdan kuchaytirish va mazkur sohalarda iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, tarixiy va madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash va obodonlashtirishga qaratilgan vazifalar muhim o‘rin egallaydi.
Uchrashuvda Jizzax davlat pedagogika instituti xorijiy tillar fakulteti dekani A.Mamatov, Baxmal qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji direktorining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha o‘rinbosari M.Norqo‘ziyeva, “Kelajak bunyodkori” gazetasi muxbiri U.Po‘latova nomzodning dasturi yuzasidan fikr bildirdi. Saylovchilarni 2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)