Fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi hamda uni ifodalash insonning eng muhim huquqlaridan biri hisoblanadi. Axborot, undan foydalanish, uni tahlil qilish va tezkorlik bilan tarqatish imkoniyati zamonaviy jamiyatda inson yuksalishining asosiy shartidir. Jurnalist Feruza Kubarevaning O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish jamoat fondi direktori Abdulaziz Abdullayev bilan suhbati aynan shu haqda bo‘ldi.
— So‘z va fikrlash erkinligini huquqiy kafolatlash huquqiy demokratik davlatning ajralmas qismi hisoblanadi, — deydi A. Abdullayev. — Bu fikrlar va qarashlar xilma-xilligini, fuqarolarning demokratik jarayonlarda to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlaydi.
O‘zbekistonda so‘z erkinligini, fikrlar xilma-xilligini, odamlar o‘z qarashlarini ochiq-oshkora ifoda etishini amalda ta’minlash uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Mamlakatimizda 1472 ta ommaviy axborot vositasi erkin faoliyat yuritayotgani hamda izchil rivojlanib borayotgani buning yaqqol tasdig‘idir. Ularning 60 foizi nodavlat ommaviy axborot vositasi ekani, ayniqsa, e’tiborlidir. Birgina so‘nggi uch yil ichida mamlakatimizda “Madaniyat va Ma’rifat”, “Dunyo Bo‘ylab”, “Navo”, “Oilaviy”, “Diyor”, “Bolajon”, “Mahalla”, “UzHD” singari davlat telekanallari, “Milliy TV”, “Uzreport TV” va “MY5” singari nodavlat telekanallar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ular fikrlar va qarashlarning muhim jihatlarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, har birida mamlakatda kechayotgan jarayonlarga o‘z munosabati va nuqtai nazari mavjud.
— Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatining kafolatlari nimalardan iborat?
— Bu, avvalambor, uning rivojlangan qonunchilik asosidir. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega ekanligi mustahkamlangan. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega. Ushbu qoidani takomillashtirish maqsadida “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi, “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi, “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi, “Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi kabi 20 dan ortiq qonunlar qabul qilindi.Ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga soladigan maxsus qonunlar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, aytish joizki, bu huquqiy hujjatlarning yaxlit tizimini yaratadi, sohadagi munosabatlarning huquqiy aniqligini ta’minlaydi hamda ommaviy axborot vositalarining amalda erkinligini kafolatlashga xizmat qiladi. Bu borada Avstriya, GFR, Shvetsiya singari davlatlar amaliyoti bilan tanishganimizda, ushbu mamlakatlar konstitutsiyalarida OAV erkinligiga alohida e’tibor qaratilgani, matbuot to‘g‘risida maxsus qonun hujjatlari mavjudligiga amin bo‘ldik. Ammo ayrim mamlakatlarda yaxlit qonun hujjatlarining yo‘qligi ommaviy axborot vositalari faoliyatini sezilarli darajada qiyinlashtiradi.
Axborot erkinligi sohasida davlat subsidiyalari, ijtimoiy buyurtmalar, grantlar hamda OAVni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha nodavlat tuzilmalari muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish jamoat fondi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi va boshqa tashkilotlar ushbu yo‘nalishda faol ish olib bormoqda. Xususan, so‘nggi yetti yilda Davlat byudjetidan 16 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgani soha rivojida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bunda 2015 yilda ommaviy axborot vositalarining ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan grant mablag‘lari hajmi 1,6 martaga ortdi.
Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari uchun keng soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalari berildi. Bu esa ularga har yili milliardlab so‘m mablag‘ni ommaviy axborot vositalarining iqtisodiy mustaqilligini yanada mustahkamlash, ularning raqobatdoshligini oshirishga yo‘naltirish imkonini beradi. Xususan, 2015 yilda birgina bosma ommaviy axborot vositalari shuning hisobiga 10 milliard so‘mdan ortiqni iqtisod qilishdi.
— Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini ta’sis etish huquqini qanday baholaysiz? Zero, u ommaviy axborot vositalari erkinligining muhim tarkibi hisoblanadi.
— Ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va litsenziyalash, ularning faoliyatini to‘xtatib turish yoki tugatish yildan-yilga soddalashtirilmoqda, muassisning, muharrir va jurnalistning huquq va majburiyatlari kengaytirilmoqda.
Xususan, avvalgi milliy qonunchiligimizga binoan, ommaviy axborot vositasi muassisning yoki muassislaridan birining yoxud noshirning manzili mamlakat hududidan tashqarida joylashgan bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tkazilmas edi. Bugungi kunda ushbu cheklov olib tashlangan. O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari ommaviy axborot vositalarini ta’sis etish huquqiga egadirlar. Faqatgina ustav fondida chet el investitsiyalarining ulushi o‘ttiz foizdan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarning ommaviy axborot vositalarini tashkil etishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu o‘rinda ommaviy axborot vositalari mulkchilik shaklidan qat’i nazar bir xil huquq va vakolatlardan, faoliyat erkinligi kafolatlaridan foydalanadi.
Bu nafaqat ilg‘or xorij amaliyoti talablariga javob beradi, ayni paytda ommaviy axborot vositasini ta’sis etishda chet davlatlar fuqarolari yoki kompaniyalari huquqlarini sezilarli darajada cheklaydigan boshqa mamlakatlardan afzallik jihatlari talaygina ekanini ham namoyon etadi.
— Ommaviy axborot vositalarining faoliyati qaysi holatlarda cheklanishi mumkin?
— Ommaviy axborot vositalari faoliyatini tugatish tartibining qonun bilan aniq belgilab qo‘yilishi ularning erkinligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Shu ma’noda aytganda, O‘zbekiston ayrim mamlakatlarga qaraganda, ushbu masalada birmuncha liberal hisoblanadi. Xususan, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, ommaviy axborot vositasining chiqarilishini to‘xtatib turish yoki tugatish ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning arizasi asosida sudning yoki muassisning qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi. Vaholanki, ayrim mamlakatlarda ommaviy axborot vositasi faoliyati aynan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ yoki sohaviy idora qaroriga binoan tugatiladi. Masalan, Janubiy Koreyada ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ — Ijtimoiy axborot vazirligi tomonidan, AQShda esa Federal kommunikatsiya qo‘mitasi tomonidan teleradiostansiyalari qonun talablarini buzgan holda teleradiochastatodan foydalanish huquqidan mahrum qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
— Axborotdan foydalanish erkinligi, shubhasiz, fuqarolarning axborot huquqlarini ta’minlashning muhim omili hisoblanadi. Aytingchi, axborotdan foydalanishda qandaydir cheklovlar bo‘lishi kerakmi?
— Konstitutsiyamiz, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun har kimning axborotni moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqini kafolatlaydi. So‘nggi yillarda qabul qilingan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi, “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarga muvofiq, davlat organlari, jamoat birlashmalari fuqarolarga ularning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan axborot bilan tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashi kerak.
Ammo axborotdan foydalanish erkinligi, ayniqsa, u jamiyat xavfsizligi, odamlarning sha’ni va qadr-qimmati singari tushunchalarga daxl qilsa, mutlaq bo‘lishi mumkin emas. Bunda cheklovlarsiz biror maqsadga erishib bo‘lmaydi. Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasiga binoan, milliy xavfsizlik, hududiy yaxlitlik yoki jamoat tartibi maqsadida, sog‘liq va axloqni muhofaza qilish, shaxsning obro‘sini yoki boshqa huquqlarini himoya qilish, maxfiy yo‘l bilan olingan axborot tarqatilishining oldini olish hamda odil sudlovning xolisligi va nufuzini ta’minlash uchun so‘z erkinligi cheklanishi mumkin.
Internet jahon axborot tarmog‘i kuchli axborot makoni bo‘lishi bilan bir qatorda, afsuski, faqatgina bunyodkorlik g‘oyalaridan iborat emas. BMTning so‘z va fikr erkinligini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Frank La Ryuning ma’ruzasi (2011-yil 16-may)ga ko‘ra, internet insonning ajralmas huquqi hisoblanadi. Bu haqiqatan ham to‘g‘ri. Chunki har birimiz axborot jamiyatining bir bo‘lagi bo‘lib, axborot bugun taraqqiyotga eltuvchi muhim omillardan biriga aylandi. Ayni paytda shu narsa qayd etilganki, bu huquq insonning boshqa huquqlari kabi muayyan hollarda cheklanishi mumkin. Hech qaysi huquq mutlaq emas, chunki agar u cheklanmasa, u o‘z-o‘zidan boshqa shaxslarning huquqlariga daxl qiladi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, O‘zbekistonda veb-saytlar, blogerlarning sahifalari ayrim rivojlangan mamlakatlarda bo‘lgani kabi ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi. Ammo ular ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishni so‘rab murojaat qilishi mumkin. Bu, tabiiyki, qonunchilikda ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar uchun ko‘zda tutilgan imtiyoz, kafolat va imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanishiga zamin yaratadi. Bugungi kunda mamlakatimizda “Uz” domenida 30 mingga yaqin veb-saytlar bo‘lib, ularning 360 dan ortig‘i internet ommaviy axborot vositasi sifatida faoliyat yuritadi.
Mamlakatimizda veb-saytlardan foydalanish bir holatda, ya’ni veb-sayt egasi, shu jumladan, bloger “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonun talablarini buzib, o‘z veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan mamlakatning mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish, urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish, davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarni yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish va boshqalar uchun foydalangandagina cheklanishi mumkin.
— Bu umumqabul qilingan amaliyotga nechog‘li mos keladi?
— Internetdan foydalanishni cheklash imkoniyati dunyoning juda ko‘plab mamlakatlari, shu jumladan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari qonunchiligida ham ko‘zda tutilgan. Misol uchun, Fransiya 2000-yilda Yevropa Ittifoqida birinchilardan bo‘lib shaxsi identifikatsiya qilinmagan shaxslar uchun xosting bergani uchun provayderlarga nisbatan jinoiy javobgarlikni joriy qildi. Bunda mahalliy serverlarda joylashgan barcha saytlarning mualliflari o‘zi haqida to‘liq va ishonchli axborot taqdim qilishi kerak. Aks holda qonunda olti oygacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, nafaqat ma’lumotlarni tekshirmagan provayderlarga nisbatan, ayni paytda foydalanuvchilarga nisbatan ham javobgarlik ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, Fransiya Ichki ishlar vazirligi tarkibida axborot texnologiyalari va aloqa sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bosh boshqarmasi ish olib boradi. U internetdagi saytlarning mazmunini nazorat qiladi, ayrim hollarda politsiya xodimlari sud sanksiyasisiz provayderlardan veb-saytdan foydalanishni cheklashni talab qilishi mumkin. Provayderlar huquq-tartibot organlarining talabiga muvofiq, bosh boshqarma “qora ro‘yxati”ga kiritilgan shubhali saytlarni yopishi shart. Ular bunday qarorlar ustidan shikoyat qilish huquqiga ega emas. Bundan tashqari, qonun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga prokuratura organlari roziligi bilan qurol-yarog‘, giyohvand moddalar savdosi, noqonuniy pul mablag‘larini legallashtirish singari og‘ir jinoyatlarni tergov qilish paytida axborot olish uchun foydalanuvchilarning kompyuterlariga ulanishga ruxsat beradi.
Buyuk Britaniyada ham muayyan cheklovlar o‘rnatilgan. Internetda ish olib boradigan huquqbuzarlarni qidirish bilan yuqori texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy bo‘lim shug‘ullanadi. Internetdagi nazoratning boshqa bir ko‘rinishi jamoat tashkilotlari faoliyati orqali amalga oshiriladi. Ulardan eng ta’sirchani — “Internet-kuzatuv” bo‘lib, u internet tarmog‘ida pornografiya va milliy va irqiy adovatga qo‘zg‘atuvchi materiallar tarqalishining oldini olish bilan shug‘ullanadi.
Internetda voyaga yetmaganlarni himoya qilish maqsadida noqonuniy va zararli mazmundagi veb-resurslar (kontent) aniq kuzatib boriladi. Masalan, Germaniyaning yoshlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunida internetdagi noqonuniy va zararli materiallar (kontent)ga oid munosabatlar, shuningdek, televideniye hamda internetda yoshlarni himoya qilish masalalari tartibga solingan. Qonun voyaga yetmaganlarni himoya qilishning uchta darajasini ko‘zda tutadi: “mutlaq noqonuniy kontent”, “noqonuniy kontent” va “bolalar va o‘smirlar rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan kontent”. Yil davomida ushbu yo‘nalishda ikki martadan ko‘p qonunchilikni buzgan davriy nashrlar uch oydan o‘n ikki oyga qadar yoshlar foydalanishi uchun taqiqlanadi, ya’ni kiosk va kutubxonalarda sotilmaydi.
— So‘z erkinligi, avvalo, katta mas’uliyat. Uning boshqa kishilar huquqlariga daxl qilish yoki demokratik qadriyat ekanligini ajratib ko‘rsatadigan chegara qayerda?
— Mamlakatimizda jurnalistlar axborotning haqqoniyligi uchun javobgarligi belgilab qo‘yilgan. Masalan, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda jurnalistning huquqlari bilan bir qatorda, majburiyatlari ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, jurnalist o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi, aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga amal qilishi, shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart.
Jurnalist o‘z kasbiga doir axborotdan shaxsiy maqsadlarda foydalanishi, axborot manbai yoki muallif roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlarni e’lon qilishi, shuningdek, audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emas.
Bu juda to‘g‘ri talabdir. Chunki globallashuv, axborot jamiyati shakllanayotgan bir sharoitda, ayniqsa, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga daxl qilishdan, shaxsiy hayotga aralashishdan himoyalanishga bo‘lgan huquq va qonuniy manfaatlariga rioya qilish tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Mamlakatimiz qonunchiligida fuqarolar va yuridik shaxslarning ishchanlik obro‘sini himoya qilishga oid huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qoidalar o‘z aks topgan, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlovchi yolg‘on ma’lumotlarni bila turib tarqatganlik singari tuhmat va haqorat uchun javobgarlik belgilangan. So‘z erkinligi insonning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi bo‘lgan huquqidan ustun bo‘lishi mumkin emas. O‘zbekiston qonunchiligining ushbu qoidalari xalqaro huquqiy qoidalarga hamda boshqa demokratik mamlakatlar tajribasiga to‘la muvofiq keladi.
Shu bilan birga, yurtimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari ushbu yo‘nalishdagi qonunchilik ham yanada erkinlashtirilayotganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga yaqinda kiritilgan o‘zgartishlarga binoan, yarashuv instituti tuhmat va haqoratga nisbatan ham qo‘llaniladigan bo‘ldi. Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat)da hamda 140-moddasi (haqorat)da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs, agar u o‘z aybiga iqror bo‘lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin. Zotan, jazoning darajasi muhim emas, balki jamiyatda boshqa insonlarning huquq va erkinliklariga, sha’ni va qadr-qimmatiga hurmat oliy qadriyat sifatida qaror topishi asosiy maqsaddir. Mamlakatimizda aynan huquqiy madaniyat yuksalishi bilan so‘z va fikr erkinligi, ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi kafolatlari mustahkamlanmoqda.
Umuman, dunyoning aksariyat rivojlangan demokratik mamlakatlarida ommaviy axborot vositalari faoliyatini huquqiy tartibga solishni qiyosiy o‘rganish ushbu sohadagi milliy qonunchilik talablarining o‘zaro yaqinligini ko‘rsatdi.
Izoh (0)