Rossiya va Yevropa tadqiqot missiyasi doirasida uchirilgan ExoMars 2016 koinot qurilmasi oradan 7 oy o‘tib Marsga yaqinlashdi. 16-oktabr, yakshanba kuni sayyoralararo stansiya qo‘nadigan “Skiaparelli” va orbital TGO (Trace Gas Orbiter) modullariga ajraldi. Bu haqda Yevropa koinot agentligi (ESA) ma’lum qildi, deya xabar beradi “Korrespondent.net”.
“Skiaparelli”ning Marsga qo‘nishi 19-oktabr, chorshanba kuniga mo‘ljallangan. Modul ExoMars loyihasining ikkinchi qismi uchun parvoz va qo‘nish texnologiyasini takomillashtirishi lozim. Uning doirasida Marsga Rossiya qo‘nish platformasi va Yevropa marsoxodi jo‘natiladi.
Missiyaning hozirgi bosqichidagi asosiy vazifa Mars tuprog‘ini burg‘ulash va tahlil etishdan iborat. Shuningdek, “Skiaparelli” sayyora yuzasidagi elektr maydonlari haqidagi ma’lumotlarni to‘plashi lozim.
TGO esa Mars atmosferasidagi gaz aralashmasi va sayyora tuprog‘ida muz taqsimotini o‘rganadi. Tadqiqotchilarni, xususan, Marsda suv va metan mavjudligi qiziqtirmoqda.
Izoh (0)