Turkiya Rossiya bilan hamkorlikni Su-24 samolyoti bilan bog‘liq voqeaga qadar bo‘lganidan ham yuqoriroq darajagacha rivojlantirmoqchi. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li ma’lum qildi, deb yozadi “Vedomosti”.
“Biz hamkorligimizni o‘sha hodisagacha bo‘lganidan ham yaxshiroq qilib yanada chuqurlashtirish borasida xayrixohlikka va siyosiy istakka egamiz. Bu har ikkala yetakchining ham istagi. Prezident Putin va prezident Erdo‘g‘on buni muzokaralar chog‘ida ham, telefon orqali bo‘lgan suhbatda ham tasdiqladi”, — dedi Chavusho‘g‘li.
2015-yilning 24-noyabr kuni Turkiyaning F-16 qiruvchisi Rossiyaning Su-24 samolyotini urib tushirdi. Rasmiy Anqara Rossiya harbiy samolyoti Turkiya havo chegarasini buzganligini e’tirof etdi, Kreml esa buni rad etib, havo kemasi Suriya hududidan o‘tmaganini uqtirdi.
Samolyot uchuvchisi Oleg Peshkov katapulta yordamida kemani tark etdi, ammo havodaligida qurolli shaxslar tomonidan otib tashlandi. Unga o‘limidan so‘ng Rossiya Qahramoni unvoni berildi.
Bu voqea Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning keskin yomonlashuviga sabab bo‘ldi. Ammo keyinroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on rossiyalik hamkasbi Vladimir Putindan urib tushirilgan Su-24 samolyoti uchuvchisining o‘limi uchun uzr so‘radi.
Izoh (0)