Din ishlari bo‘yicha qo‘mita umraga yuboruvchilar bo‘yicha “Sirli mijoz” yashirin nazorat tadbirlari o‘tkazilishini ma’lum qildi. Qo‘mita qarori bilan umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatida nazorat xaridini amalga oshirish tartibi tasdiqlandi.

Unda qayd etilishicha, “Sirli mijoz” tadbiridan umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, litsenziyaga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan noqonuniy xizmatlar ko‘rsatilishini barvaqt aniqlash va oldini olish maqsad qilingan.
“Sirli mijoz” tadbiri qonuniylik, xolislik va adolatlilik prinsiplariga asoslangan holda qo‘mita mas’ul xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu tadbir tekshirish yoki tadbirkorlik faoliyatiga aralashish hisoblanmaydi, bunday tadbirlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olinmaydi.
“Sirli mijoz” tadbirini tashkil etish va o‘tkazish
Ushbu tadbir umra xizmatlarini noqonuniy amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxslar faoliyatini barvaqt aniqlash maqsadida qo‘mita tashabbusi bilan tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
Tadbir quyidagi manbalardan olingan ma’lumotlar asosida tashkil etiladi:
- jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan umra xizmatini ko‘rsatish faoliyati
- yuzasidan qo‘mitaga kelib tushgan murojaatlar;
- davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumot,
- tahlil va xulosalar;
- ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmog‘idagi vebsaytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ochiq manbalarda tarqalgan ma’lumotlar;
- “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida huquqbuzarlik sodir etish xavfi o‘rta va yuqori darajada baholangan tadbirkorlik subyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Qo‘mita mas’ul xodimi umra xizmatlarini noqonuniy amalga oshirishda gumon qilinayotgan jismoniy yoki yuridik shaxsning oldiga mijoz sifatida boradi va undan o‘ziga umra xizmati ko‘rsatilishini so‘raydi hamda quyidagi ma’lumotlarni yig‘adi:
- umra xizmatini ko‘rsatish uchun tegishli litsenziya mavjudligi (rasmiy hujjat yoki og‘zaki ma’lumot asosida);
- umra xizmatini ko‘rsatish shartlari (muddati, narxi va boshqalar);
- umra xizmati uchun to‘lov usuli va hisob raqami.
“Sirli mijoz” tadbiri davomida yashirin diktofon yoki video kuzatuv moslamalaridan foydalanilishi mumkin.
Tadbiri natijalari bo‘yicha dalolatnoma tuziladi va qo‘mitaning vakolatli tarkibiy bo‘linmasiga taqdim etiladi. U besh ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Huquqbuzarlik holatlari aniqlansa, qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruvlar o‘tkazish yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga materiallarni yuborish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
Izoh (0)