Marko Rubio Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarni buzishda aybladi. Qo‘shma Shtatlar bosh diplomati bu haqda Eternal Word Television Network’ka bergan intervyusida ma’lum qildi.

AQSH davlat kotibining ta’kidlashicha, Fransiya rahbari “Falastin davlatini tan olish bo‘yicha bir tomonlama qarorini e’lon qilgan kuni HAMAS bilan muzokaralar izdan chiqqan”.
“Agar men HAMAS o‘rnida bo‘lsam, o‘t ochishni to‘xtatmaslik kerak deb o‘ylayman… Chunki buning evaziga mukofot olishimiz va buni g‘alaba sifatida ko‘rsatishimiz mumkin”, dedi Rubio.
Rubioning qo‘shimcha qilishicha, Parijning mazkur qadamidan so‘ng boshqa davlatlar ham unga ergashib, sentyabrgacha sulhga erishilmagan taqdirda, Falastin davlatini tan olishlarini ma’lum qilgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Falastin davlatini tan olish niyatini joriy yilning 24-iyul kuni bildirdi. Parij bu haqda rasman BMT Bosh assambleyasining sentyabrda bo‘lib o‘tadigan sessiyasida e’lon qiladi.
Shundan so‘ng Buyuk Britaniya ham Fransiya bilan umumiy pozitsiyani egalladi. London G‘azodagi urush sentyabrgacha yakunlanmagan taqdirda, Falastin davlatini tan olishini bildirgan. Oradan ko‘p o‘tmay, mazkur ro‘yxatga Kanada ham qo‘shildi.
Shunga qaramay, Isroil xalqaro bosimga yon bermoqchi emas. Yahudiy davlati ayni paytda G‘azo sektorini to‘liq bosib olish bo‘yicha yirik harbiy amaliyotga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Izoh (0)