Tatariston musulmonlari Saudiya Arabistonida haj amallarini o‘tash chog‘ida Qozon ramzlari Rossiya markaziy banki kupyurasidan o‘rin olishini so‘rab, duo qilmoqda. Bu haqda respublika muftiysining birinchi o‘rinbosari Rustam Batrov ma’lum qildi, deya xabar beradi “RIA Novosti”.
Qozon ko‘rinishi Rossiya markaziy bankining 200 va 2000 rubl qiymatidagi yangi kupyuralarida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan 10 ta shahar qatoriga kirdi. Ular orasida Petrozavodsk, Sevastopol, Vladimir, Sochi va boshqa shaharlar bor. 5-sentabr, dushanba kuni bo‘lajak banknotlar uchun ramzlarni tanlab olishning yakuniy, uchinchi bosqichi boshlandi.
Nomzod shaharlar ro‘yxati “Jamoatchilik fikri” fondi tomonidan mamlakat aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra shakllantirildi. Yakuniy ovoz berish “Rossiya 1” telekanalining 7-oktabrdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirida bo‘lib o‘tadi. Banknotlar esa 2017-yil oxirida muomalaga kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)