4-sentabrdan boshlangan yangi 2016—2017-o‘quv yilida 9692 umumta’lim maktablarida 4,7 million nafar o‘quvchi ta’limni davom ettiradi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi.
Bu yil 640 ming nafar bola 1-sinfga qadam qo‘yadi. Ularning barchasiga “Prezident sovg‘asi” sifatida taqdim etish uchun 12 nomdagi o‘quv qurollari va o‘quvchi sumkasidan iborat sovg‘alar tayyorlanib, ta’lim muassasalariga yetkazib berildi.
Bugungi kunda 4-sinf o‘quvchilari uchun ham yangidan yaratilgan chet tili darsliklaridan 1,12 million nusxa va o‘qituvchilar uchun 21 ming nusxa metodik qo‘llanmalar multimediali ilovalari bilan chop etilib, joylarga yetkazildi. Bu yildan 4-sinf o‘quvchilarilarga chet tilidan dars beradigan 18 ming nafar chet tili o‘qituvchilarining malakasi oshirildi.
Yangi o‘quv yilida o‘tgan yilga nisbatan ko‘p — 148 nomdagi 26,1 million nusxa darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar chop etilib, joylarga yetkazildi. Qayd etishlaricha, bu yil qariyb 7000 dan ortiq yosh mutaxassis ilk faoliyatini umumiy o‘rta ta’lim maktablarida boshlaydi.
Yangi o‘quv yilining birinchi soatida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning porloq xotirasiga bag‘ishlangan “Xotira darslari” o‘tiladi. Unda Birinchi Prezidentning O‘zbekiston mustaqilligi, xalq ozodligi yo‘lida ko‘rsatgan fidoyiligi, ona-yurtga muhabbat, millat oldidagi yuksak xizmatlari yoshlar ongi va qalbiga singdiriladi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)