Mustaqillik yillarida erkin, demokratik davlat qurish, bozor iqtisodiyotiga o‘tish, fuqarolik jamiyatini barpo etishda, mamlakatni taraqqiy topgan davlatlar qatoriga ko‘tarish yo‘lida shoshma-shosharlik va pala-partish ishlarga yo‘l qo‘yilmadi. Bu haqda Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston xalqiga mustaqillikning 25 yilligi munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida aytildi. Tabrik matnini O‘zA taqdim etdi.
“Biz oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlarga erishishda — erkin, demokratik davlat qurish, bozor iqtisodiyotiga o‘tish, fuqarolik jamiyatini barpo etishda, mamlakatimizni taraqqiy topgan davlatlar qatoriga ko‘tarish yo‘lida shoshma-shosharlik va pala-partish ishlarga yo‘l qo‘ymadik, jahondagi ilg‘or tajribalarni o‘rganib, lekin kimdandir ko‘r-ko‘rona nusxa olganimiz yo‘q. Bu borada chuqur ma’noga ega bo‘lgan ‘Islohot — islohot uchun emas, avvalo inson uchun’ degan g‘oya asosida el-yurtimizga xos xususiyatlar, shart-sharoitlarga mos bo‘lgan, xalqaro maydonda ‘o‘zbek modeli’ deb tan olingan, uzoqni ko‘zlagan yo‘lni o‘zimizga ma’qul topdik va uni amalga oshirishga kirishdik”, — deb ta’kidladi davlat rahbari.
Izoh (0)