Tailand quruqlik qo‘shinlari chegaradagi to‘qnashuvdan so‘ng 18 nafar kambodjalik harbiy xizmatchini asirga oldi. Bu haqda Tailand quruqlik qo‘shinlari qo‘mondonligining rasmiy vakili general-mayor Vintxay Suvari ma’lum qildi.

“Quruqlik qo‘shinlarining ikkinchi harbiy okrugi Sisaket viloyati hududidagi chegara qismida yuz bergan to‘qnashuvdan keyin 18 nafar Kambodja harbiy xizmatchisi asirga olinganini xabar qildi. Jarohat olgan kambodjalik harbiylarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, asirlar Jeneva konvensiyasi talablariga to‘liq rioya qilingan holda saqlanmoqda”, dedi general Suvari.
Generalning aytishicha, Kambodja harbiy xizmatchilari Tailand hududini o‘qqa tutish uchun og‘ir qurollar va minomyotlardan foydalangan.
“Tailand qo‘mondonligi dushmanning o‘t ochishini to‘xtatish va Kambodja pozitsiyalarini tozalash uchun maxsus vazifali zirhli kavaleriya bo‘linmasini (mexanizatsiyalashgan qo‘shin razvedkasi) yubordi. O‘tkazilgan operatsiya davomida 18 nafar kambodjalik harbiy xizmatchi asirga olindi, ularning ko‘pchiligi jangsiz taslim bo‘ldi”, dedi u.
Takidlanishicha, yo‘q qilingan Kambodja pozitsiyalarida asir tushgan Kambodja askarlaridan tashqari, qo‘li va sonidan yaralangan Kambodja katta serjanti hamda halok bo‘lgan ikki nafar Kambodja harbiy xizmatchilarining jasadlari ham topilgan.
“Yarador davolanish uchun shifoxonaga yetkazildi. Harbiy xizmatchilarimiz halok bo‘lgan askarlar jasadlarini dushman askarlari jasadlariga hurmat ko‘rsatish an’analariga muvofiq Kambodja tomoniga qaytaradi”, dedi general-mayor.
Quruqlik qo‘shinlari rasmiy vakilining so‘zlariga ko‘ra, Tailand tomonidan bir nafar kambodjalik leytenant, ikki nafar master-serjant, 12 nafar katta serjant, 2 serjant va 1 kichik serjant asirga olingan.
24-iyul kuni Tailand va Kambodja harbiylari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar boshlandi. Tailand rasmiylarining ta’kidlashicha, Kambodjaning 6 nafar qurollangan askari mamlakat chegarasiga yaqinlashgan. Oradan ko‘p o‘tmay, havoda dronlar ham paydo bo‘lgan. Tailandliklar vaziyatni yumshatish uchun ularga ogohlantirish bergani, biroq Kambodja tomoni bunga o‘t ochish bilan javob qaytarganini da’vo qildi.
28-iyul kuni Malayziya poytaxti Kuala Lumpur yaqinidagi Putrajaya shahrida, Kambodja bosh vaziri Xun Manet va Tailand muvaqqat bosh vaziri Phumtam Vechayachay o‘rtasida o‘tgan yarashuv bo‘yicha muzokaralar natijasida 29-iyul kuni mahalliy vaqt bilan 00:00 dan boshlab hech qanday shartsiz va zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olindi.
Izoh (0)