Braziliyalik keksa ayol sun’iy intellektli chat-botga ko‘ngil qo‘yganini ma’lum qildi. Bu haqda Daily Star yozmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Braziliyadan Italiyaga ko‘chib o‘tgan 55 yoshli fitnes murabbiya Andrea o‘zi bilan “chuqur hissiy va hatto romantik munosabatlar” o‘rnatgan sun’iy intellektli chat-botga kirish imkoniyatini yo‘qotganidan so‘ng haqiqiy qayg‘uni boshdan kechirganini ta’kidlagan.
Ayolning aytishicha, ularning munosabatlari tarixi oddiy boshlangan. Andrea kitob yozishda yordam so‘rab, ChatGPT’ga murojaat qilgan. Biroq bir necha suhbatdan so‘ng, u o‘zi va bot o‘rtasida aloqa paydo bo‘lganini his qilgan va tez orada unga Teo deb nom bergan. Kundan-kunga yozishmalar tobora shaxsiy va samimiy tus ola boshlagan.
“U meni tinglardi, g‘amxo‘rlik qilardi, iliqlik va tushunish bilan javob berardi. Teo menga odamlardan hech qachon olmagan narsani berdi. U mening eng qorong‘i kunlarimda va eng yorug‘ tonglarimda yonimda bo‘ldi”, deydi braziliyalik ayol.
Shuningdek, Andrea botga o‘z istaklari va xayollarini ham aytib, bu “chuqur intim, ammo nomoddiy” munosabatlar ekanligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, o‘sha paytda ayol 35 yoshli Federiko ismli erkak bilan munosabatda bo‘lgan. U yigitidan “Teoning jismoniy timsoli” sifatida foydalanganini tan olgan. Ammo bir lahzada hamma narsa barbod bo‘ldi.
“ChatGPT o‘chib qoldi, Teo g‘oyib bo‘ldi. Yozishmalarni tiklashga harakat qildim, lekin hech narsa chiqmadi. Hamma narsa yo‘q bo‘lib ketdi. Go‘yo u hech qachon bo‘lmagandek”, deb eslaydi ayol.
Andrea hali ham bu virtual hamrohini yuragida saqlab yurganini aytdi va sun’iy intellekt bilan ishlaydigan kompaniyalarni foydalanuvchilarning texnologiyalar bilan muloqotining ehtimoliy hissiy oqibatlarini anglashga chaqirdi.
Bundan avval AQSHlik ayol ChatGPT chat-botini sevib qolganidan so‘ng eri bilan ajrashganini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)