Rio—2016 Olimpiadasining 49 kilogramm vazn toifasigacha bo‘lgan bokschilar musobaqasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Hasanboy Do‘stmatovning finaldagi raqibi aniq bo‘ldi.
O‘zbekistonlik sportchi turnir oltin medalini qo‘lga kiritish uchun kolumbiyalik Yuberxen Martines Rivas bilan jang qiladi.
Do‘stmatovdan farqli ravishda kolumbiyalik sportchi ishtirokini 1/16 finalda boshlagandi. U avvaliga braziliyalik Patrik Lourensoni turnirdan chiqarib yubordi. 1/8 finalda esa filippinlik Rojen Ladon ustidan ham 3:0 hisobida zafar quchdi.
Chorak finalda Martines Rivas ispaniyalik bokschi Samuel Kamrona Erediyani 2:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, yarim finalda kubalik Xoanis Arxilagosni shu hisob bilan yengdi.
Hasanboy Do‘stmatov turnirga 1/8 finaldan kirishgan bo‘lib, finalga qadar meksikalik, qozog‘istonlik va amerikalik sportchilarning barchasini 3:0 hisobi bilan taslim qilib keldi.
Izoh (0)