Amerikalik mashinalar kolleksioneri, dunyodagi eng yirik eski-tuski bozorlaridan birining sohibi Preston Xenn Florida shtati sudiga murojaat qilib, Ferrari kompaniyasini unga noyob LaFerrari Spider mashinasini sotishdan bosh tortishda aybladi. Da’vogarning fikricha, rad javobi uning brend ishqibozlari oldidagi obro‘sini tushirib yubordi, deb xabar beradi “Interfaks”.
2017-yilning LaFerrari Spider kupe-kabrioleti cheklangan adadda — 499 nusxada chiqarilishi bois Xenn avtokonsern dileriga mashinani oldindan buyurtma qilib qo‘ymoqchi edi. Ammo Ferrari North America rahbariyati dilerga rad javobini berib, Xenn avtomobilga da’vogarlik qilishi mumkin bo‘lgan shaxsga qo‘yiladigan talablarga javob bermasligini ma’lum qildi.
Biznesmen masalani oydinlashtirish maqsadida Ferrari top-menejerlariga maktublar yo‘lladi. Ular orasida Ferrari Chrysler Automobiles direktorlar kengashi raisi Serjio Markonne ham bor edi. Xenn unga yo‘llangan maktubga bay puli sifatida 1 million dollarlik chekni ilova qildi, ammo yana rad javobini oldi.
Axiyri Xenn kompaniyani sudga berdi. Murojaatda kompaniya rahbariyati Xenning obro‘sini to‘kishda ayblandi. Da’vo summasi 75 ming dollardan oshadi. Hujjat haqida boshqa ma’lumotlar yo‘q.
Xenn 60 yildan buyon Ferrari mashinalarini to‘plab boradi. Uning kolleksiyasida LaFerrari’ning eski versiyasidan tortib ayrim ekspertlar dunyodagi eng qimmat mashina deb hisoblaydigan 275 GTB/C 6885 Speciale’gacha bor.
Izoh (0)