Nikaragua prezidenti Daniel Ortega turmush o‘rtog‘i Rosario Murilyoni mamlakat vitse-prezidentligiga nomzod etib tanladi. Agar siyosatchi uchinchi muddatga saylansa, xonim mazkur lavozimni egallaydi, deya xabar beradi “RBK”.
Hozirda Murilyo hukumat bosh matbuot kotibi vazifasini bajarmoqda va Nikaragua siyosiy hayotida sezilarli o‘ringa ega. Orteganing o‘zi OAVlarda kamdan-kam ko‘rinsa-da, birinchi xonim mahalliy televideniyeda deyarli har kuni chiqish qilib, siyosiy yangiliklarga izoh beradi va o‘zining brendiga aylangan “ma’naviyatning yangi asri” mavzusini ilgari suradi.
Tanqidchilar prezident va uning turmush o‘rtog‘ini mamlakatni “shaxsiy tomorqa”ga aylantirishga intilishda ayblamoqda. Muxolifat tarafdorlari xonimning xizmat pillapoyasida ilgarilashi yangi oilaviy sulolaning paydo bo‘lishiga zamin yaratishidan xavotir bildirgan.
Izoh (0)