O‘zbekiston Superligasi 18-turi doirasidagi markaziy bahsda “Neftchi” jamoasi o‘z maydonida “Nasaf”ni qabul qildi. Qiziqarli va keskin kurashlarga boy tarzda kechgan o‘yinda farg‘onaliklar minimal 1:0 hisobida zafar quchdi.

24-daqiqada “Neftchi ”futbolchisi Farruh Sayfiyev qizil kartochka olib, maydonni tark etdi va mezbonlar o‘yinni bir kishi kam bo‘lib davom ettirishga majbur bo‘lishdi.
Uchrashuvdagi yagona gol 28-daqiqada penalti orqali kiritildi. Zafarmurod Abdurahmatov tomonidan Alisher Odilovga nisbatan sodir etilgan qoida buzilishi uchun hakam Ilgiz Tantashev 11 metrlik jarima zarbasini belgiladi. Uni Jamshid Iskanderov aniq amalga oshirib, “Neftchi”ni hisobda oldinga olib chiqdi.
Qolgan daqiqalarda ham har ikki jamoa faollik ko‘rsatdi, ammo darvozalar boshqa ishg‘ol qilinmadi. Shu tariqa, “Neftchi” qiyin bahsda muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritib, ochkolar sonini 36 taga yetkazdi va turnir jadvalida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. 37 ochkoga ega “Nasaf” esa birinchi o‘rindagi mavqeini saqlab qoldi.
O‘zbekiston Superligasi
18-tur
11-avgust, dushanba
“Neftchi” — “Nasaf” 1:0
Gol: 1:0 — Iskanderov (28, penalti)
Chetlatish: Farruh Sayfiyev (24)
Izoh (0)