Alyaskada 15-avgust kuni o‘tkaziladigan AQSH va Rossiya sammiti natijasidan qat’i nazar, Yevropa mamlakatlari hisobidan Ukrainaga Amerika qurollarini yetkazib berish davom ettiriladi. Bu haqda NATO bosh kotibi Mark Ryutte Amerikaning CBS News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

“Mutlaqo to‘g‘ri, davom ettiriladi”, deya u tegishli savolga javob bergan.
“Shunday qilib, bizda dastlabki ikkita paket bor, ular bo‘yicha majburiyatlarni avval Niderlandiya, keyin esa Skandinaviya mamlakatlari o‘z zimmasiga oldi. Keyingi kunlar va haftalarda yana e’lonlar bo‘lishini kutmoqdaman va bu juda muhim”, deya qo‘shimcha qilgan Ryutte.
Bosh kotib Amerikaning yana bir telekanali ABC News’ga bergan intervyusida esa Ukrainaning bir qator hududlari Rossiya tomonidan amalda nazorat qilinayotganini tan olish kerakligini, ammo buni yuridik jihatdan mustahkamlamaslik lozimligini ta’kidlagan.
“Shubhasiz, bu ikki muhim masala muhokamaga qo‘yilishi shart. Ulardan biri hududga tegishli va tan olishimiz kerakki, ayni paytda Rossiya Ukraina hududining bir qismini nazorat qilmoqda. Masala o‘t ochishni to‘xtatgandan so‘ng qanday harakat qilishda bo‘ladi. Jumladan, bu Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari nuqtayi nazaridan nimani anglatishi ham muhokama qilinadi”, dedi u.
14-iyul kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Oq uyda Ryutte bilan uchrashuvda Kiyevga Yevropa mamlakatlari hisobidan Amerika qurollarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Shimoliy Atlantika alyansiga Patriot tizimlarini ham o‘z ichiga olgan qurollarni yetkazib berishni muvofiqlashtirish vazifasi yuklatildi. Tramp NATO orqali Ukrainaga yuboriladigan harbiy yordam hajmi milliardlab dollarni tashkil etishini ma’lum qildi.
Izoh (0)