Buxoro, Toshkent shahri va viloyati hududlarida ichki ishlar organlari xodimlari pora olayotganda ushlangan. Bu haqda 11-avgust kuni Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Buxoro viloyati IIB xodimi mansabdor tanishlari orqali Buxoro shahrida ketayotgan jinoyat ishining gumonlanuvchiga oid qismini to‘xtatib berishni vaʼda qilgan. Buning evaziga 13 ming dollar talab qilgan. DXXning Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda ichki ishlar va prokuratura organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda xodim pora olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Yana bir holat Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi qo‘riqlash boshqarmasi Angren shahar bo‘limi safdor xodimi bilan yuz bergan. U bo‘linma komandiri o‘rinbosari bilan o‘zaro til biriktirib, xizmat mavqeyidan foydalangan holda mansabdor tanishlari orqali Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroni qo‘riqlash boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 1500 dollar talab qiladi. DXXning viloyat bo‘yicha boshqarmasi hamda prokuratura organlari o‘tkazgan tezkor tadbirda safdor xodim oldindan ming dollar olgan payt ushlangan.
DXX o‘tkazgan navbatdagi tezkor tadbir davomida IIV Migratsiya va personallashtirish departamenti “Toshkent” xalqaro aeroportida pasport-viza bo‘limi katta inspektori qo‘lga olingan. U mansab vakolatidan foydalangan holda voyaga yetmagan shaxsning xorijga chiqish biometrik pasportiga uni xorijga olib chiqib ketayotgan fuqaroga hamrohlik qiluvchi shtamp belgisini tezlashtirilgan tartibda rasmiylashtirib berish evaziga 400 dollar so‘ragan. Pulni olgan vaqt ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida katta inspektor 2025-yil boshidan hozirgi kungacha O‘zbekistonda bo‘lib turgan 42 nafar chet el fuqarolarining har biridan 300-700 dollar pul olgan. Ularga chiqish vizasini hamda sakkiz nafar O‘zbekiston fuqarosiga hamrohlik qiluvchi shtamp belgisini tezlashtirilgan tartibda rasmiylashtirib berish evaziga 200-400 dollar miqdoridagi pullarni pora sifatida olganlik holatlari ham aniqlangan.
Hozirda ushbu “qonun himoyachilari”ga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)