Senator Malika Qodirxonova Milliy teleradiokompaniya (MTRK) raisi Abdurashid Juraboyevga senator so‘rovi yubordi. Bu haqda joriy yil 11-avgust kuni Senat axborot xizmat xabar berdi.

So‘rovda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun infratuzilmaviy sharoitlarni yaxshilash masalasi ko‘tarilgan. Jumladan, MTRKga qarashli Toshkent radioeshittirish uyi binosida lift ishdan chiqqani keltirilgan.
Besh qavatli bino 1966-yilda qurilgan. U yerda “O‘zbekiston”, “O‘zbekiston 24”, “Yoshlar” radiosi, “Mahalla” teleradiokanali, “O‘zbektelefilm” DUK, “Maqom” ansambli faoliyat yuritadi. Binodagi yagona lift 1982-yilda ishga tushirilgan, qurilmadan 41 yil foydalanilgan. Ammo 2023-yildan beri lift texnik talablarga javob bermagani uchun ishlashdan to‘xtagan.
“Bugungi kunda liftning ishlamasligi natijasida binoda faoliyat yuritayotgan 600 ga yaqin xodim, ikki mingdan ziyod radioeshittirish va ko‘rsatuvlarda ishtirok etuvchilar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksa yoshdagi xodimlar jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bundan tashqari, binoning yuqori qavatlariga chiqish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarga zarur bo‘lgan qulayliklar – panduslar, maxsus to‘siqlar va nogironlar aravachasi uchun ko‘targich uskunalar mavjud emas. Bu esa mehnat unumdorligi va mehmonlarga ko‘rsatiladigan xizmat sifatiga ham salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Shuningdek, Toshkent radioeshittirish uyi mutasaddilarining takroriy murojaatlariga qaramay, liftni yangilash yoki muqobil infratuzilmani joriy etish yuzasidan amaliyotda tegishli choralar ko‘rilmagan”, deyilgan so‘rov mazmunida.
Senator so‘rovida mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida lift tizimini zamonaviy talablar va xavfsizlik meʼyorlariga mos holda yangilash, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida asoslangan maʼlumot taqdim etish so‘ralgan.
Maʼlumot uchun, 2025-yilda MTRK faoliyati uchun davlat byudjetidan 881,3 milliard so‘m ajratilishi belgilangan (70 million dollar). Taqqoslash uchun, 2024-yilda ushbu tuzilmaga 555,9 milliard so‘m berilgan. Bir yil ichida 322,3 milliard so‘m ko‘p pul ajratilgan. O‘z navbatida MTRKga ajratiladigan pullar miqdorini oshirib borish ko‘zda tutilmoqda. Masalan, 2026-yilda byudjetdan 943 milliard so‘m, 2027-yilda 1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ berish rejalashtirilgan.
Izoh (0)