AQSH prezidenti Donald Trampga surunkali venoz yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi. Tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullayev bu kasallik haqida “Daryo”ga izoh berdi.

Mutaxassisning tushuntirishicha, arterial qon tizimi to‘qimalarga qon olib keluvchi va to‘qimalarda moddalar almashinuvidan keyin undan qonni olib ketuvchi qon tomir tizimi bor. Buni venoz qon tomir tizimi deyiladi.
Umuman olganda, venoz distsirkulyator ensefalopatiya degan tashxis ham bor. Bu, ayniqsa, bosh miyada venoz qon aylanishining sekinlashuvida, pasayishida yuzaga keladigan kasallik. Doimiy bosh og‘rig‘i, uyquchanlik, xotira pasayishi, umumiy holsizlik bilan namoyon bo‘ladi.
Endi Trampning qo‘lida ko‘kargan joylar aniqlanganligi — balki oyog‘ida ham bordir — odatda bu venoz qon aylanishining yetishmovchiligida bo‘ladigan holat, dedi professor.
Zarifboy Ibodullayevning aytishicha, baʼzan qon suyultiruvchi dorilarni uzoq muddat ichib yursa ham ko‘karishlar paydo bo‘ladi.
Bunday vaqtda koagulogramma tekshiruvini qilib, analiz topshirish tavsiya etiladi.
Bu og‘ir kasallik emas, lekin sababini ham aniqlash kerak. Nega desa, leykozda ham, leykemiyada ham baʼzan mana shunaqa ko‘karishlar paydo bo‘ladi, dedi Zarifboy Ibodullayev.
Oq uy matbuot kotibi Karolin Levittning bayonotiga ko‘ra, Trampning qo‘lida so‘nggi kunlarda ko‘karish va shishlar paydo bo‘lgan. Shu sabab prezident bir qancha tibbiy tahlillar topshirgan. Oq uy shifokori Shon Barbabella ham bu borada jurnalistlarga intervyu bergan. Unga ko‘ra, bu kasallik xavfsiz va juda oddiy bo‘lib, u odatda 70 yoshdan oshgan odamlarda ko‘p uchraydi.
Prezidentda o‘tkir tomir trombozi yoki arterial kasallik aniqlanmagan va test natijalari mutlaqo normal. Oq uy shifokori Shon Barbabella ham bu borada jurnalistlarga intervyu bergan. Unga ko‘ra, bu kasallik xavfsiz va juda oddiy bo‘lib, u odatda 70 yoshdan oshgan odamlarda ko‘p uchraydi.
79 yoshli Tramp muntazam ravishda o‘zining sog‘lomligini taʼkidlab kelgan. Hatto u bir vaqtlar o‘zini “dunyodagi eng sog‘lom prezident” deb taʼriflagandi.
Izoh (0)