“Rakurs” podkastining navbatdagi sonida pedagog va siyosatshunos Hamid Sodiq ishtirok etdi. Jurnalist Erkin Hasan u bilan oliy taʼlim va unda qo‘yilayotgan kamchiliklar haqida suhbatlashdi.
— Bu yil oliy taʼlimga qiziquvchilar soni oxirgi 7 yillikda eng kam ko‘rsatkichni tashkil qildi. Bu oliy taʼlimga qiziqish susayganidan dalolat beradimi?
— Aslida buning maʼlum bir sotsiologiyasi bor, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qiziqish ham kamaydi deb bo‘lmaydi. 2018-yilga qadar yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlari 70 tani ham tashkil qilmasdi. Shu boisdan ham ularga bo‘lgan talab nihoyatda yuqori edi. Oxirgi 4-5-yil davomida universitetlarning soni 200 tadan oshib ketdi. Universitetlar soni ortganidan keyin bir necha yil o‘qishga kirolmaganlarda ham imkoniyat paydo bo‘ldi. Shu bois oxirgi yillarda millionga yaqin yoki undan ortiq abituriyentlar hujjat topshirdi. Sirtqi va kechki taʼlimlar sabab talablar qondirildi. Bundan bu yog‘iga esa o‘qishga kiruvchilar sonining kamayishi yaqqol seziladi.

Bundan tashqari, ilgari o‘qishga kirish yoshlarning bosh maqsadi edi. Bola qiziqishidan qatʼi nazar, oliy maʼlumotli bo‘lishi majburiyati bor edi. Shu bois oliy taʼlim yetarlicha korrupsiya botqog‘iga botgandi, deydi Hamid Sodiq.
— Universitetlar soni ortgani taʼlim yoki kadrlar sifatini tushirib yubormaydimi?

— Aslida universitet omma uchun mo‘ljallanmagan, unda kam sonli, eng iqtidorli talabalar tahsil olgan. Oliy taʼlim ommalashar ekan, uning sifati o‘z-o‘zidan tushib boradi. O‘zim ham oliy taʼlimda dars berganman va talabaning ko‘pligi pedagoglarning ham professionalligini ham tushirib yuboradi. Tan olish kerak, avvalgi taʼlimda korrupsiya bor edi, hozir esa buni uchratmaymiz. Ammo xususiylar davlat universitetlardagi professor-ustozlarni o‘ziga jalb qildi. Natijada ular o‘rnini yosh va tajribasiz professor-ustozlar egallayapti. Axborot maydonining ochilishi sabab odamlar taʼlim sifati haqida o‘z fikrlarini aytolyapti, deydi Hamida Sodiq.
“Rakurs”ning yangi sonini to‘liq holda quyidagi havola orqali tomosha qilishni tavsiya qilamiz.
Izoh (0)