Turkiyada harbiy to‘ntarishga urinish oqibatida Nyu-York birjasining savdo sessiyasi yakunida turk lirasi AQSh dollariga nisbatan 4,6 foiz, qariyb 8 yillik minimumgacha – 1 dollar uchun 3,0157 liraga pasaydi. Bu haqda Bloomberg’ga tayanib, “RBK” xabar bermoqda.
Ecstrat konsalting kompaniyasining mutaxassisi Emad Mostakning aytishicha, Turkiya fond bozorining yo‘qotishlari, mamlakatdagi inqilob qanday tugashidan qat’i nazar, 20 foizni tashkil etishi mumkin.
Nyu-York birjasi savdo sessiyasining yakunida liraning sotilishi rivojlanayotgan yuqori daromadli bozorlarning boshqa valyutalari pasayishiga olib keldi. Jumladan, Janubiy Afrika rendi 2,4 foizga, Meksika pesosi esa 1,4 foizga pasaydi.
Bunga qadar Turkiya fond bozori (15%) yil boshidan buyon o‘sish bo‘yicha Sharqiy Yevropada Qozog‘istondan (20%) keyin ikkinchi o‘rinda borayotgan edi.
Izoh (0)