Turkiya Ozarbayjon gazini Suriyaga o‘z hududidan tranzit orqali yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi. 13 yillik qonli mojaro sabab vayron bo‘lgan mamlakat infratuzilmasini tiklashga qaratilgan mazkur tashabbus yillik ikki milliard kub metrgacha gaz yetkazib berishni nazarda tutadi.

Suriyada hokimiyat almashgan o‘tgan yil dekabridan buyon Damashqning yangi egalari mamlakatni yana oyoqqa qo‘yishga urinmoqda. Biroq hozircha muammolar ko‘p: mamlakatning qator hududlarida aholi kuniga 20 soatdan ortiq elektrsiz yashayapti.
Turkiyaning Suriya bilan chegaradosh Kilis viloyatida o‘tkazilgan marosimda Turkiya energetika vaziri Alparslan Bayraktar, Suriya energetika vaziri, Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri hamda Qatar taraqqiyot jamg‘armasi rahbari qatnashdi.
Bayraktar dastlabki bosqichda yiliga ikki milliard kub metrgacha gaz eksport qilinishi mumkinligini ta’kidladi. Damashq rasmiylariga ko‘ra, ular gazdan elektr energiyasi ishlab chiqarishda foydalanadi.
“Gaz taxminan 1 200 megavatt quvvatga ega elektr stansiyasini ishga tushirishga yordam beradi va bu o‘rtacha besh million xonadonning ehtiyojini qondiradi”, dedi Bayraktar.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy gaz avval Halabga, keyin esa Homsga yetkaziladi. Bu esa tez orada u yerdagi elektr stansiyalarini ham ishga tushirish imkonini beradi.

Bu Qatar tomonidan Suriyada elektr generatsiyasini moliyalashtirish yo‘lida tashlangan ikkinchi qadamdir. Dastlabki tashabbus joriy yil mart oyida amalga oshirilgan bo‘lib, unga binoan Iordaniyadan Suriya uchun kunlik 400 megavatt elektr sotib olingan edi.
Izoh (0)