Shveysariya aholisining ko‘pchilik qismi har oyda fuqarolarga ma’lum miqdorda pul berib turilishi bilan bog‘liq g‘oyani qo‘llab-quvvatlamadi, deb xabar bermoqda “Interfaks”.
Bugun, 5-iyun kuni Shveysariyada referendum bo‘lib o‘tdi. Referendum ishtirokchilari bitta savolga javob berishi lozim edi: har bir fuqaro, ishlash-ishlamasligidan qat’iy nazar, davlatdan oyiga 2500 Shveysariya franki (2260 yevro yoki 2530 dollar) olishi kerakmi? Bu summa har bir Shveysariya fuqarosiga, u qayerda yashashidan qat’iy nazar, umrbod to‘lab boriladi. 18 ga to‘lmagan fuqarolarga 625 frankdan to‘lanadi.
Agar tashabbus ma’qullansa, Shveysariya barcha fuqarolariga minimal daromad kafolatlangan birinchi davlatga aylanardi. Ammo so‘rovlar aholining 72 foizi ushbu tashabbusga qarshi ovoz berish niyatida ekanligini ko‘rsatgan edi.
Referendum natijalarining dastlabki hisob-kitoblari shuni ko‘rsatmoqdaki, bor-yo‘g‘i 18,2 kishi kafolatlangan daromad uchun ovoz berdi, saylovchilarning 81,8 foizi esa bunga qarshi chiqdi.
Izoh (0)