Dinozavrlar davrida Antarktidada yashagan jonivorlar qoldiqlarini o‘rganish Yerning janubiy qutbidagi hayot dengizlar va quruqlikda yashovchilarni hozirgi Meksika hududiga asteroid tushishi oqibatida deyarli o‘sha zahoti nobud bo‘lishdan asrab qolmaganini ko‘rsatdi. Bu haqda paleontolog olimlar Nature Communications jurnalida e’lon qilingan maqolada ma’lum qilgan, deya xabar beradi “RIA Novosti”.
“Tadqiqotlarimiz natijasida shunday manzara hosil bo‘lmoqda: Antarktika dengiz va quruqliklarida bir kun hayot gullab-yashnab turgan bo‘lsa, ertasiga bundan asar ham qolmagan. Nimadir kutilmagan va halokatli holat ro‘y bergani ko‘rinib turibdi. Bu esa qirilib ketishning asosiy sababchisi iqlim o‘zgarishi va vulqon faolligi emas, asteroid qulashi bo‘lganini ko‘rsatadi”, — deya ta’kidlagan Buyuk Britaniyadagi Lids universiteti tadqiqotchisi Jeyms Uitts.
Lids universiteti hamda Britaniya Antarktika ekspeditsiyasi vakillari Antarktika yarim oroli shimoliy chekkasidagi Seymur orolida mezozoy davriga oid suvlikda yashagan jonivorlar “qabristoni”ni topgandan so‘ng Uitts va uning hamkasblari shunday xulosaga keldi. Umumiy hisobda bu yerdan Antarktida qirg‘oqlari yaqinidagi okeanlarda 65—62 million yil avval istiqomat qilgan ammonit, shilliq qurt, boshqa mollyuskalar, shuningdek, ulkan dengiz kaltakesaklari (mozazavrlar) kabi suv jonivorlarining taxminan 6,5 mingta turini aniqlashga muvaffaq bo‘lindi.
Izoh (0)