23-may kuni AQShning Islomoboddagi elchisi Devid Xeyl mamlakat hududiga berilgan zarba yuzasidan Pokiston tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi, deb yozadi “TASS” Pokiston TIV matbuot xizmatiga tayanib.
Pokiston bosh vazirining tashqi ishlar bo‘yicha yordamchisi Said Tariq Fotimiy aviazarbani Pokiston suvereniteti va BMT Ustavining buzilishi deb atadi hamda “bunday harakatlar Afg‘oniston hukumati va ‘Tolibon’ o‘rtasida tinch muzokaralarni tashkil qilish bo‘yicha to‘rt tomonlama muvofiqlashtiruvchi guruhning davom etayotgan intilishlariga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi”ni ta’kidladi.
Bosh vazir yordamchisi, shuningdek, Pokiston va AQSh terrorizm tahdidiga qarshi kurash masalasida yaqin hamkorlik qilayotgani va bu hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash kerakligini qo‘shimcha qildi.
21-may kuni Amerika uchuvchisiz qurilmalari Pokiston g‘arbidagi Kvetta shahri hududiga raketa zarbasi bergan, natijada “Tolibon” harakati yetakchisi Axtar Mansur yo‘q qilingan edi.
Izoh (0)