Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhida poytaxt yo‘llaridan birini tutunga to‘ldirib ketayotgan to‘y korteji tasvirlangan fotolar paydo bo‘ldi.
“Archa ko‘cha. To‘y. Yo‘l chetdagi 4 va 5-qatordan tashqari to‘liq egallangan. Tutun hosil qiladigan vositalar. Syomka. Karnay-surnay. Tiqinda turib qolgan haydovchilardan tashqari hamma xursand”, — deya ma’lum qilgan mazkur fotolavhalar muallifi.
Ushbu suratlarga ko‘plab izohlar qoldirilgan. Foydalanuvchilarning aksariyat qismi to‘y kortejlari boshqa avtomobillarning harakatlanishiga tez-tez xalaqit berishidan shikoyat qilgan. Ulardan biri “Uch kun avval to‘y kortejini tasvirga olib ketayotgan operator bo‘lgan mashina to‘g‘ri ro‘paramdan chiqib keldi. O‘ng tomonga o‘tib, zo‘rg‘a chap berishga ulgurdim”, deb hikoya qilgan.
Yana biri esa “bizda kortej avtohalokatga olib keluvchi vaziyatni keltirib chiqarmaslik uchun atayin bo‘lindi. Avval hech kim yo‘q yo‘lda uch daqiqacha qator ketayotgan mashinalar tasvirga tushirildi, keyin esa bo‘lindik, bular bo‘lsa... Tutunning nima keragi bor? Nima, yangi maxsus effektmi?” deya o‘z taajjubini bildirgan.
Izoh (0)