15-aprel, juma kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Rossiya Federatsiyasi prezidentining Shanxay hamkorlik tashkiloti ishlari bo‘yicha maxsus vakili Baxtiyor Xakimov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Muloqot davomida ShHT doirasidagi O‘zbekiston—Rossiya munosabatlari va O‘zbekistonning tashkilotga raisligi davrida bo‘lib o‘tadigan tadbirlar kun tartibi yuzasidan fikr almashildi. ShHTning ko‘p tomonlama institutlari tizimida alohida o‘rin tutadigan, 14-aprel kuni o‘z ishini yakunlagan Xavfsizlik kengashlari kotiblari 11-uchrashuvining samarali yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston va Rossiya ShHTda ko‘p tarmoqli hamkorlikni izchil rivojlantirish, iyun oyida Toshkentda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishini muvaffaqiyatli o‘tkazish va mazmunan boyitish, Ufada o‘tkazilgan sammitda erishilgan kelishuvlar, jumladan Hindiston va Pokistonni ShHTga qabul qilish jarayonlarini boshlash to‘g‘risidagi qarorni amalga oshirishdan birdek manfaatdor hisoblanishi ta’kidlandi.
Muzokaralarda Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev ishtirok etdi.
Izoh (0)