Butunjahon boks assotsiatsiyasining (WBA) o‘ta og‘ir vazndagi muntazam chempioni, avstraliyalik Lukas Braun bilib yoki qasddan man etilgan preparatlar qabul qilmaganini isbotlash uchun yolg‘on detektorida sinovdan o‘tdi. Bu haqda bokschi bilan ishlaydigan Buyuk Britaniyaning “Xatton promoushnz” kompaniyasi rahbariyati ma’lum qildi, deb xabar beradi “TASS”.
“Yolg‘on detektoridagi test haqiqatni aytganimni tasdiqlaganidan xursandman. Natija meni ajablantirgani yo‘q, chunki doim ‘toza’ sportchi ekanligimni aytib kelganman. Grozniyga ham ‘toza’ kelganim va u yerda bo‘lganimda hech qanday noma’qul harakatlarga qo‘l urmaganimni bilaman. Mazkur test aybsizligimni isbotlashda yangi qadam bo‘ldi, deb hisoblayman. Muntazam ravishda qo‘llab-quvvatlab kelayotganlari uchun ishqibozlar, menejerim va proumoterimga minnatdorlik bildiraman”, — deya ta’kidlagan Braun.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Checheniston poytaxti Grozniyda o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev ustidan g‘alaba qozongan va ilk bor jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritgan Lukas Braunning doping tahlillari ijobiy chiqqandi.
Izoh (0)