Toshkentda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston—Yaponiya qo‘mitasining 13-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etish uchun Toshkentga Mitsubishi Corporation katta ijrochi vitse-prezidenti, korporatsiya boshqaruvi a’zosi Xideto Nakaxara boshchiligidagi Yaponiya ishbilarmon doiralari delegatsiyasi keldi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Yig‘ilishda ikki mamlakatning iqtisodiy va investitsion salohiyati, turli sohalardagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abening O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirilishi masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov o‘zbek tomoni yaponiyalik sheriklarga neft-gaz, neft-kimyo, kimyo, qazib olish, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika, zamonaviy maishiy texnika va tibbiy jihozlar ishlab chiqarish, sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda istiqbolli investitsion loyihalarni taklif etayotganligini ta’kidladi.
Xideto Nakaxara o‘tgan yili ikki davlat o‘rtasida savdo hajmi 256 million dollarga yetgani, bu esa 2014-yilgi ko‘rsatkichlardan 30 foizga ko‘p ekanligini e’tirof etib o‘tdi. Yapon delegatsiyasi tarkibida Toshkentga muloqot uchun davlat tuzilmalari, xususiy kompaniyalar vakillari kelganini bildirdi.
Izoh (0)