“Real” jamoasining ikki muxlisi – Raul Ximenes Gilyem va Susana Kastanyo Kaba klub prezidenti Florentino Peresni sudga berdi, deb xabar qilmoqda “Sports.ru”.
Ikki muxlisning Peresga nisbatan da’vosi “Real”ning Ispaniya Kubogi bahslaridan chiqib ketishi bilan bog‘liq. Muxlislarning da’vosini kataloniyalik huquqshunos Felipe Iskyerdo ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Ikki muxlis “Real”ning Ispaniya Kubogi turniridan chiqib ketishi ularga ma’naviy va moddiy zarar yetkazgan, deb hisoblamoqda. Shuningdek, ular boshqalar tomonidan masxara qilinganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, “Qirollik klubi”ning Ispaniya Kubogidan chetlatilishiga 1/16 finalning “Kadiz”ga qarshi (3:1) o‘yinida yarim himoyachi Denis Cherishevning maydonga tushgani sabab bo‘ldi. O‘tgan mavsumda rossiyalik futbolchi “Vilyarreal” tarkibida o‘ynab yurganida, sariq kartochkalari to‘planib qolganligi uchun u diskvalifikatsiyasini o‘tashi kerak edi va maydonga tushishi mumkin emas edi.
Qayd etish joiz, “Real”ning Ispaniya Kubogidan chetlatilishi bo‘yicha bergan apellyatsiyasi rad qilingandi.
Izoh (0)