Fransiyaning “PSJ” futbol klubi bilan amaldagi shartnomasi 2016-yilning iyun oyida yakuniga yetadigan shvetsiyalik hujumchi Zlatan Ibragimovichga bir qator klublar qiziqish bildirmoqda. Bu haqda, Footmercato’ga asoslanib, “Chempionat.com” xabar bermoqda.
Futbolchiga da’vogarlik qilayotganlar orasida “Manchester Yunayted”, “Chelsi”, “Milan” va MLS’ning bir qator jamoalari bor.
Xususan, 34 yoshli hujumchi faoliyatini Londonning “Chelsi” klubida davom ettiradigan bo‘lsa, ikki mavsum davomida yiliga 12,5 million yevrodan maosh oladi.
Agar Joze Mourinyo “Manchester Yunayted” bosh murabbiy etib tayinlansa, u holda Ibragimovich “qizil iblislar” variantini afzal bilishi mumkin.
Futbolchining rafiqasi esa “Milan”ga qaytishini xohlamoqda — futbolchi 2010—2012-yilgi mavsumlarda Italiyaning aynan shu jamoasi sharafini himoya qilgan.
Ma’lumot uchun, Ibragimovich joriy mavsum Fransiya chempionatida hozirgacha 24 uchrashuvda maydonga tushib, 27 ta gol urdi.
Izoh (0)