Futbol bo‘yicha Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi Antonio Konte Yevro—2016 yakunlangach, lavozimini tark etadi. Bu haqda, “Chempionat.com” xabariga ko‘ra, Italiya futbol federatsiyasi prezidenti Karlo Tavekkio rasman e’lon qildi.
“Konte Yevropa chempionatidan keyin Italiya terma jamoasidagi vakolatlarini topshiradi. Biz uning o‘z faoliyatini klub darajasida davom ettirish istagini hurmat qilamiz”, — deydi Karlo Tavekkio.
Avvalroq Kontening 2016-yil yozida Londonning “Chelsi” klubini qabul qilib olish ehtimoli borligi haqida xabar berilgan edi.
Antonio Kontedan so‘ng Italiya terma jamoasini, katta ehtimol bilan, Roberto Donadoni (“Bolonya” bosh murabbiyi) qabul qilib oladi. Undan tashqari “Sassuolo” ustozi Eusebio di Franchesko ham da’vogarlar ro‘yxatida bor.
Konte 2014-yilning avgust oyidan buyon Italiya terma jamoasini boshqarib keladi. Uning qo‘l ostida terma jamoa Yevro—2016 saralash “H” guruhida 1-o‘rinni yakunladi. Xorvatiya, Norvegiya, Bolgariya, Ozarbayjon, Malta kabi termalar o‘rin olgan guruhda Italiya 10 bellashuvning 7 tasida zafar quchdi va 3 ta o‘yinda durang o‘ynadi.
2016-yilning 10-iyun kuni Fransiyada start oladigan Yevro—2016 da Italiya terma jamoasi o‘z guruhida Belgiya, Shvetsiya va Irlandiyaga qarshi bahs olib boradi.
Izoh (0)