Marsdagi “Farsida gumbazi” vulqonining faolligi 3,7 milliard yil avval ushbu sayyoraning aylanish o‘qiga ta’sir ko‘rsatgan. Bu haqda Nature jurnaliga tayanib, “Interfaks” ma’lum qildi.
“Farsida gumbazi” asosining diametri 150, balandligi esa 9 kilometr bo‘lgan so‘ngan vulqon, bundan 3,71 milliard yil avval hosil bo‘lgan. Parij—janub XI universiteti olimlari sayyora o‘qi aylanishining “Farsida gumbazi” shakllangunicha bo‘lgan holatini kompyuter orqali modellashtirdi. Gravitatsiya va topografiya manbalari asosida tadqiqotchilar oldin mavjud bo‘lgan paleoqutblar joylashuvini aniqladi. Natijada olimlar vulqon Mars aylanish o‘qini salkam 20 darajaga “og‘dirgan”, degan xulosaga keldi.
Ularning fikricha, vulqon sayyoradagi boshqa jarayonlarga ham ta’sir ko‘rsatgan. “Qutblarning jilishi Mars magnit maydoni kuchsizlanishiga sabab bo‘lganmi? Bu sayyora atmosferasi yo‘qolishiga olib kelganmi? Mazkur savollarga javoblar hozircha bizga ma’lum emas”, — deydi tadqiqotchilardan biri.
Izoh (0)