O‘zbekiston benzin narxi arzonligi bo‘yicha jahon mamlakatlari orasida 70-o‘rinni egalladi. Bu haqda Global Petrol Prices loyihasida ma’lumot berilgan.
Loyiha tomonidan tuzilgan reytingga ko‘ra, eng arzon benzin Venesuela, Kuvayt va Saudiya Arabistonida sotiladi. Turkmaniston 4-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, 8-o‘rinda Qozog‘iston, 16-o‘rinda Rossiya, 18-o‘rinda Qirg‘iziston, 43-o‘rinda Tojikiston bormoqda.
Reytingda 178 mamlakat va hudud qamrab olingan. Loyiha ma’lumotlariga ko‘ra, 8-fevral holatiga ko‘ra, jahon bo‘yicha bir litr neft narxi o‘rtacha 96 sentga teng.
O‘zbekiston bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etishda benzinning eski narxlaridan foydalanilgan va joriy kurs bo‘yicha ko‘rsatilgan. 2015-yilda O‘zbekistonda Ai-95 benzini bir litri 2460 so‘m edi, shunda Markaziy bankning 2016-yil 8-fevral kursi bilan hisoblaganda, yonilg‘ining narxi 86 sentga teng bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 1-yanvardan boshlab Ai-80 benzini bir litri narxi 2075 so‘m, Ai-95 benzini bir litri narxi esa 2505 so‘mga teng. Markaziy bankning 8-fevraldagi kursi bilan hisoblaganda, Ai-95 benzini bir litri narxi taxminan 88 sentga to‘g‘ri keladi.
Izoh (0)