Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ko‘p qavatli turar-joy binosi derazasidan tashlab yuborilgan uch oylik qizcha hushiga keldi. Bu haqda 5-raqamli bolalar shifoxonasi vakili ma’lum qildi, deb xabar beradi “Vesti.ru”.
Chaqaloq hozirda o‘zi nafas olmoqda. Ammo uning holati birdan yaxshilanganligi haqida gapirishga erta. “Uning ahvoli qanchalik yaxshilangani haqida kamida ikki sutkadan keyin gapirish mumkin”, — dedi bolalar shifoxonasi vakili.
Eslatib o‘tamiz, 2-fevralga o‘tar kechasi Sankt-Peterburgda yashovchi 35 yoshli ayol chaqalog‘i bilan ko‘p qavatli turar-joy binosi derazasidan o‘zini tashlab yuborgan. Qizaloq tanasining bir necha yeridan jarohat olganiga qaramay, omon qolgan, uning onasi esa hodisa joyida vafot etgan. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, qizchaning miyasida uning nogiron bo‘lib qolishiga olib keluvchi shikastlanishlar aniqlanmagan.
Tergovchilar “kichik yoshli shaxsni o‘ldirishga suiqasd qilish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘adi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ayol tug‘uruqdan keyingi ruhiy tushkunlikdan aziyat chekkan.
Erining so‘zlariga ko‘ra, ayol birinchi homiladorligida shifokorlar xatosi qurboni bo‘lgan, shundan so‘ng ikkinchi safar o‘z uyida — eri va akusherning ishtirokida tug‘ishga qaror qilgan.
Izoh (0)