Yangi tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, Oy Yer shakllanganidan 100 million yil o‘tib, uning Teyya sayyorasi bilan burchak ostida emas, qarama-qarshi yo‘nalishda to‘qnashuvi natijasida paydo bo‘lgan. Bu haqda geokimyogarlar Science jurnalidagi maqolada ma’lum qildi, deb yozadi “Korrespondent.net”.
Olimlar Oy jinslarining Apollon-12, -15 va -17 ekspeditsiyalari bilan birga uchib kelgan yetti xil namunalarini, shuningdek, Arizona va Gavayi orollaridan keltirilgan vulqon jinslarini tahlil qilib chiqdi.
Natijada Oy namunalarida aynan Yerga tegishli kislorod izotoplarini topishdi.
“Biz Oy va Yer jinslaridagi izotoplar orasida hech qanday farqlarni topmadik. Agar to‘qnashuv urinma (egri chiziqning biror nuqtasiga tegib o‘tgan to‘g‘ri chiziq) bo‘yicha sodir bo‘lganida edi, kosmik jismlar kimyoviy tarkibi turlicha bo‘lgan bo‘lardi, Oyning katta qismi tarkibi bo‘yicha Teyyaga o‘xshash bo‘lardi”, — dedi tadqiqot muallifi Edvard Yang.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq geofiziklar Oy Yerning Teyya sayyorasi bilan to‘qnashuvi natijasida shakllangani haqidagi gipotezani tasdiqlovchi yangi dalil topgani xabar berilgan edi.
Izoh (0)