Angliyaning Vuster shahri fuqarosi 33 million funt sterling (47 million dollardan ziyod) miqdordagi yutuq egasiga aylanish huquqini beruvchi to‘liq jekpotli lotereya chiptasiga kir yuvish chog‘ida zarar yetkazib qo‘ydi, deb yozadi “TASS”.
Ismi oshkor etilmayotgan ayol chiptani yuvib bo‘lingan shimning cho‘ntagidan topib olgan, so‘ng uni fen bilan quritishga uringan. Biroq yuvilish natijasida chipta kuchli zarar ko‘rgan: unda yutuqli raqamlar kombinatsiyasi, shuningdek, lotereya o‘ynalgan yil aniq aks etib turibdi, ammo sana, seriyali raqam va shtrix-kod o‘chib ketgan.
Ayol gazeta do‘koniga borib, chipta u yerdan xarid qilinganini tasdiqlatmoqchi bo‘lganida esa sotuvchi shtrix-kod bo‘lmasa, buni qilib bo‘lmasligini aytdi.
Shunda britaniyalik ayol lotereya operatori — Camelot kompaniyasi bilan bog‘landi, u yerdagilar undan bo‘lgan hodisani yozma shaklda bayon qilib, zarar ko‘rgan chipta bilan birga jo‘natishni so‘rashdi. Endi u kompaniya tomonidan uni milliy lotereya g‘oliblaridan biri sifatida tan olish-olmaslik haqida chiqariladigan hukmni kutmoqda.
Izoh (0)